2021- yil 22- iyun kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi o‘n oltinchi yalpi majlisi oldidan Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisida “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi va “2021- yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonunlar hamda Barqaror rivojlanishning tegishli maqsadlari bo‘yicha yuborilgan parlament so‘roviga Vazirlar Mahkamasidan berilgan javob muhokama qilindi.

Majlisda Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta'kidlanganidek, amaldagi statistika tizimida ochiq ma'lumotlar oshkoraligi va sifat darajasining pastligi, ma'lumotlarni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazish mexanizmining xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligi, shuningdek, qonun faqatgina davlat statistika idoralari faoliyatini tartibga solib, statistik ma'lumotlarni ishlab chiqish bo‘yicha boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini qamrab olmagani kabi muammolar mavjud edi.

Muammolarni bartaraf etish, belgilanadigan qamrov va sifat talablari kengligi va to‘liqligini ta'minlash maqsadida qonun bilan  “Davlat statistikasi” o‘rniga “Rasmiy statistika” tartibi joriy qilinmoqda.

Davlat statistikasi statistika idoralari tomonidan shakllantiriladigan statistik ma'lumotlarni nazarda tutgan bo‘lsa, rasmiy statistikada esa, barcha statistik ma‘lumotlar ishlab chiquvchilar tomonidan tayyorlangan va tarqatiladigan statistik ma'lumotlarni qamrab oladi.

 “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun mamlakat milliy statistika tizimining islohotlar talablariga javob beradigan, mutlaqo yangilangan huquqiy asosini yaratib bermoqda.

Natijada milliy statistika tizimiga kiruvchi barcha subyektlarning faoliyatiga huquqiy asos va rasmiy statistikaning xalqaro darajada tan olinishiga institutsional baza yaratiladi.

Rasmiy statistikaning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ma'lumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirilgan.

Umuman joriy etilayotgan o‘zgarishlar statistika hisobotini ishonchli yuritish, axborotdan foydalanish samaradorligini oshirish, mamlakat nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash hamda boshqaruvda ochiqlikni ta'minlashda muhim o‘rin tutadi.

Majlisda shuningdek, “2021- yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini oshirish orqali aholi farovonligiga erishishi maqsadida olib borilayotgan islohotlarni ta‘minlash yuzasidan qabul qilingan qarorlar, tasdiqlangan dasturlar ijrosi uchun talab etiladigan qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar asoslari mazkur qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Ko‘rilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Matbuot xizmati