2020- yilning 23- oktabr kuni BMTning 75 yilligini nishonlash va global kompaniyaning natijalarini taqdim etishga bag‘ishlangan onlayn muloqot tashkil etildi.
Xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov va boshqalar ishtirok etishdi.
Mazkur onlayn muloqotni Davlat statistika qo‘mitasi vakillari ham kuzatib bordi.
Ta'kidlash lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz BMT bilan yaqindan va uzviy hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Bu borada oliy darajadagi muloqotlar muntazam o‘tkazilib, BMTning turli maydonlarida mamlakatimiz tomonidan ilg‘or tashabbuslar ilgari surilmoqda.
2020- yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilganining 75 yilligini nishonlash maqsadida, shu yilning yanvar oyida tashkilot bosh kotibi tomonidan “BMT 75” global kompaniyasiga start berildi.
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi – a'zo mamlakatlar bilan birgalikda dunyoning rivojlanishini jadallashtirish va global muammolarga yechim topish, shu jumladan, koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish, istiqbolli kelajakni qurish uchun global hamkorlik rolini o‘rganishdan iborat.
Tadbirda “Inson” videoroligi taqdimoti o‘tkazildi.
Ishtirokchilar “BMT 75” global kompaniya doirasida davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, NNT bilan o‘zaro hamkorlik masalalarida fikr-mulohaza almashdi. Shuningdek, “BMT 75” global kompaniyasining ilk natijalari taqdimoti namoyish etildi.
Axborot xizmati