Welcome to stat   Click to listen highlighted text! Welcome to stat Powered By GSpeech

HUDUDLAR HAQIDA STATISTIK MA'LUMOTLAR

 

 

Avval xabar berib o‘tganimizdek, joriy yilning 2–6-mart kunlari Davlat statistika qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohida rasmiy statistika bo‘yicha BMTga a'zo mamlakatlar statistika organlari rahbarlari ishtirokidagi xalqaro Forum hamda BMT statistika komissiyasining 51-sessiyasida ishtirok etdi.

Delegatsiya a'zolari dastlab “Ma'lumotlarni boshqarish – rasmiy statistika muammolarining yechimi” mavzusida tashkil etilgan milliy statistika idoralari Forumida qatnashishdi.

Forumda 3 ta sessiya ishi tashkil etilib, ma'lumotlar masalasida hamkorlik, axborot almashinuvi va axborot xavfsizligi muammolari, ma'lumotlar asrida statistika idoralarining o‘rni va mas'uliyati, yangicha yondashuv va masalalar yechimi kabi dolzarb mavzularda muhokamalar o‘tkazildi.

Forum davomida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha BMT Statistika bo‘limi, Yevrostat, BMT YEEK, Parij-21 va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari va ekspertlari tomonidan ma'ruzalar qilindi, muhokamalar natijasiga ko‘ra, hujjatlar BMT Statistika komissiyasining 51-sessiyasiga tayyorlandi.

BMT Statistika komissiyasining 51-sessiyasi 4 ish kuni davomida o‘tkazilib, sessiyaning ochilishi va yopilishi, kun tartibining ma'qullanishi va boshqa tashkiliy masalalar bilan birga 26 ta mavzuda muhokamalar o‘tkazildi.

Xususan, 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari, statistika dasturlarini nazorat qilish, iqtisodiy statistika istiqbollari, milliy hisoblar, xalqaro savdo va tadbirkorlik faoliyati hamda narxlar statistikasi mavzularida xalqaro ekspertlar tomonidan ma'ruzalar qilindi. Tadbir ishtirokchilari amaldagi uslubiyotlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan tanishtirildi.

Shuningdek, xalqaro taqqoslash dasturi, ekologik-iqtisodiy hisoblar, qishloq xo‘jaligi statistikasi, demografiya statistikasi, aholining tabiiy harakati statistikasi, sog‘liqni saqlash statistikasi, gender statistikasi, qochoqlar statistikasi, davlat boshqaruvi statistikasi yo‘nalishlari hamda hududiy statistikani rivojlantirish, rasmiy statistika prinsiplari va statistika tizimlarining boshqaruvi masalalarida ilg‘or tajribalar va so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.

51-sessiya davomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari statistikasi, statistik va geomanzilli axborotlar integratsiyasi, ochiq ma'lumotlar, statistika komissiyasi faoliyati uslublari, xalqaro statistika kuni va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Rasmiy delegatsiya a'zolari Islom hamkorlik tashkilotining Islom davlatlari uchun statistik, ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash Markazi (SESRIC) tomonidan tashkil qilingan sessiyada ham qatnashishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi, Islom hamkorlik tashkilotining Statistika komissiya Ijroiya organi (Byuro) tarkibiga kiritildi. Davlat statistika qo‘mitasi Raisi B.Begalov 9-sessiyadan 10-sessiyaga qadar bo‘lgan davrda Byuro raisining o‘rinbosari sifatida tasdiqlandi.

Davlat statistika qo‘mitasi raisi Nyu-York shahridagi tashrifi chog‘ida BMT Statistika bo‘limi, MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Serbiya, Hindiston, BAA va Turkiya davlatlari milliy statistika idoralari vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikdagi masalalar muhokama qilindi.

Serbiya Respublikasi Statistika boshqarmasi (SORS) bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida, statistika sohasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hindiston statistika va dasturlarni amalga oshirish vazirligi bilan ilg‘or tajribalarni o‘rganish, shu jumladan, axborot-kommunikatsiyalarini keng joriy etish va imkoniyatlardan samarali foydalanish, ma'lumotlar vizualizatsiyasi hamda statistik va geomanzilli ma'lumotlarni integratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha statistika sohasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur tashrif davomida xalqaro tashkilotlar va statistika idoralari vakillari bilan amalga oshirilgan uchrashuvlar, umuman, rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari mamlakatimiz milliy statistika tizimini yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash