2021- yilning 25- yanvar kuni Davlat statistika qo'mitasi rahbariyatining Xalqaro valyuta jamg'armasi ekspertlari missiyasi bilan texnik yordam ko'rsatish doirasida fiskal qoidalarni budjet jarayoniga integratsiyalash masalalari bo'yicha videokonferensaloqa rejimida uchrashuv bo'lib o‘tdi.
Unda Davlat statistika qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Dilshod Xolmurodov Xalqaro valyuta jamg'armasi missiyasi ekspertlari bilan suhbatlashdi.
Tomonlar kun tartibi bo‘yicha makroiqtisodiy statistika tarkibi sifatini muhokama qildi. Yalpi ichki mahsulotni hisoblash usuli va yashirin iqtisodiyotni baholash usullari haqida fikr almashdi.
Davlat statistika qo'mitasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi milliy statistika tizimini takomillashtirish va rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, 2020–2025- yillarda statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi Yo'l xaritasi haqida ma’lumot berildi.
Xalqaro valyuta jamg'armasi missiyasi Davlat statistika qo'mitasining sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va davlatning iqtisodiy siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishda statistikaning muhim roli borligini alohida ta'kidladi.
Konferensiya yakunida tomonlar statistik amaliyotning barcha dolzarb masalalari bo'yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Matbuot xizmati