Joriy yilning 1- mart kuni Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovichning Xalqaro valyuta jamg'armasining ko'p tarmoqli statistika missiyasi rahbari Artak Xarutyunyan bilan videokonferensaloqa orqali uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Respulikasining Xalqaro valyuta jamg‘armasi “Kengaytirilgan ma'lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi”dan “Ma'lumotlarni tarqatishning maxsus standarti”ga o‘tishi, pul-kredit va moliyaviy statistikani, tashqi sektor statistikasini, milliy hisoblar tizimini takomillashtirish va MHT 2008 ga o'tish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek uchrashuvda, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbariyati, O'zbekiston Respublikasi moliya vazirligi vakillari, XVJ missiyasi ekspertlari va O'zbekiston Respublikasi tegishli vazirliklarining mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Jumladan, uchrashuvda o‘tgan davr ichida hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar va erishilgan natijalar e'tirof etildi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari “Ma'lumotlarni tarqatishning maxsus standarti”ga o‘tish jarayonida e'lon qilinadigan makroiqtisodiy va moliyaviy statistik ko‘rsatkichlarni tizim talablariga moslashtirish yuzasidan texnik ko‘mak missiyalarini tashkil etish borasida o‘z takliflari bildirib o‘tdilar.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbariyati O‘zbekiston Respublikasining “Ma'lumotlarni tarqatishning maxsus standarti”ga o‘tish yuzasidan tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va har tomonlama yaqindan texnik va konsultativ ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi 2018- yilning may oyidan Xalqaro valyuta jamg‘armasining “Kengaytirilgan ma'lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi”ga ulangan. 2019- yilda O‘zbekiston Respublikasining “Ma'lumotlarni tarqatishning maxsus standarti”ga o‘tishi yuzasidan Hukumatning “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Mazkur vazifa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796-son qarorida ham belgilangan.
Uchrashuv yakunida xalqaro valyuta jamg'armasining ko'p tarmoqli statistika missiyasiga start berildi.
Matbuot xizmati