2021-yil 30- mart kuni Malayziya statistika departamenti va O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi o'rtasida tajriba va amaliyot almashish bo'yicha 3 kunlik onlayn uchrashuvlarning birinchi kuni boshlandi.
Uchrashuv “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) imkoniyatlaridan amaliyotda qo’llash” bo'yicha tajriba almashishga bag'ishlangan.
Tadbirni, Davlat statistika qo'mitasi rаisining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev kirish so'zi bilan ochib berdi.
Kirish so'zida respublikada statistika sohasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy o'zgarishlar va islohotlar qayd etilib, 2020-2025-yillarda O'zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirish milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi”ga muvofiq axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, statistik ma'lumotlarni shakllantirish, saqlash va qayta ishlashning kompleks tizimini yaratish, ochiq ma'lumotlar portalini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda Malayziya statistika departamenti mutaxassislari tomonidan “Ma’lumotlarni qayta ishlashning integratsiyalashgan iqtisodiy tizimi", “Malayziya statistika departamentida statistik jarayonlarni modernizatsiya qilish” mavzularida taqdimot qildi.
Tomonlar hamkorlikning yangi istiqbolli yo'nalishlarini muhokama qildilar va tajriba almashish bo'yicha ikki tomonlama uchrashuvlar amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar.
Matbuot xizmati