Welcome to stat   Click to listen highlighted text! Welcome to stat Powered By GSpeech

HUDUDLAR HAQIDA STATISTIK MA'LUMOTLAR

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning taklifiga binoan 2020-yil 19-fevral kuni ushbu mamlakatga tashrif buyurdi.

“Esonbugʻa” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya hukumati aʼzolari, Anqara muzofoti va shahri rahbariyati hamda boshqa rasmiy kishilar kutib oldi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy tashriflari chogʻida albatta oʻsha mamlakatning tabarruk ziyoratgohlarida boʻlib, ulugʻ siymolari xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Turkiyaga bu galgi tashrif ham ana shu ezgu anʼana bilan boshlandi. Davlatimiz rahbari Anqara shahrida Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk qabriga gulchambar qoʻydi.

Turk xalqining ardoqli farzandi, buyuk davlat arbobi Mustafo Kamol Otaturk mangu orom topgan maskan xalq uchun juda qadrli. Yil davomida bu yerdan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi.

Ushbu majmuadagi muzeyda oʻz mamlakati ozodligi uchun kurashgan siyosatchining hayoti va faoliyatiga oid koʻplab ashyolar saqlanadi, muzey zallari uzra Mustafo Kamol nutqlari yangraydi, tarixiy kadrlar namoyish etiladi. Bu ziyoratchilarga oʻsha davrlar ruhini his qilishiga imkon beradi.

Mustafo Kamol Birinchi jahon urushidan keyin parchalanib, qaramlikda qolgan mamlakatni ozod etgan. 1923-yili mustaqillik eʼlon qilib, hozirgi Turkiya Respublikasiga asos solgan. Mamlakatning bugungi taraqqiyotini belgilab bergan siyosiy, ijtimoiy va madaniy islohotlarni amalga oshirgan. 1934-yilda mamlakat parlamentida uni Otaturk deb atash qonuniylashtirilgan.

Davlatimiz rahbari muzey bilan ham tanishdi, majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida boʻlib oʻtdi. Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdoʻgʻon tor doirada uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Oʻzbekiston bilan Turkiyani mushtarak til va tarix, oʻxshash madaniyat va anʼanalarga asoslangan yaqin doʻstlik va qardoshlik munosabatlari birlashtirib turadi. Turkiya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchi boʻlib tan olgani ham ana shu qardoshlikning yuksak ifodasi boʻlgan edi. 1996-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan. 2017-yil oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga ilk davlat tashrifi chogʻida mamlakatlarimiz hamkorligini strategik sheriklik darajasiga koʻtaradigan Qoʻshma bayonot imzolandi.

Oʻtgan uch yilda aloqalar strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Prezidentlar 7-marta uchrashdi. Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun qulay sharoit yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash, qoʻshma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish kabi koʻplab yoʻnalishlarda oʻz aksini topmoqda.

Oʻtgan yili sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga toʻla huquqli aʼzo boʻldi. Oʻzbekistonning mazkur tashkilotga qoʻshilishini barcha turkiy mamlakatlar, avvalo, Turkiya Respublikasi qizgʻin qoʻllab-quvvatladi. Shu tariqa mamlakatlarimiz uchun yana bir xalqaro tuzilma doirasida ikki va koʻp tomonlama hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo boʻldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Turkiy kengashning Bokuda oʻtgan yettinchi sammiti oldidan Toshkentda Turkiy tilli davlatlar ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investitsiya forumi tashkil etildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro manfaatli doʻstona munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Barcha darajadagi muloqotlar keskin faollashdi. Oʻzbekiston va Turkiya xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini doimiy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Hududlararo aloqalar jadal tus oldi. Toshkent va Anqara, Samarqand va Istanbul oʻrtasida amaliy hamkorlik olib borilmoqda.

Turkiya Oʻzbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. Keyingi yillarda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti samarasida turk biznesi vakillari yurtimizdagi faoliyatini kengaytirdi. 2019-yilda oʻzaro savdo hajmi 2,5 milliard AQSH dollaridan oshdi.

Ayni paytda Turkiya bilan 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan uch yil oldin 20 million dollar ham boʻlmagan. Oʻtgan yilning oʻzida qoʻshma shirkatlar salkam 500 taga koʻpayib, qariyb 1 ming 300 tani tashkil etmoqda.

Transport sohasidagi hamkorlik kengaymoqda. Jumladan, 2019-yilda avtomobilda yuk tashish 33 foizga, temir yoʻlda 17 foizga, havo qatnovlari orqali 42 foizga oshdi. Bugungi kunda Istanbuldan Toshkent va Samarqandga parvozlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida Buxoro shahriga ham parvozlar rejalashtirilgan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, hududlar va tarmoqlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashmoqda. Ayni paytda ikki mamlakatda xaridorgir boʻlgan yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarni yetkazib berish va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali oʻzaro savdo hajmini muttasil oshirib borish va diversifikatsiya qilish boʻyicha izchil choralar koʻrilmoqda.

Muzokarada oʻzaro manfaatli imkoniyatlarni ishga solish, yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishlarini muntazam oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Turkiya rivojlangan toʻqimachilik sanoati bilan ham mashhur. Mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan toʻqimachilik korxonalari tashkil etish va yetishtirilayotgan paxtani toʻliq qayta ishlab, tayyor mahsulot uchun sertifikatlashni joriy etish va jahon bozoriga yoʻnaltirish moʻljallanmoqda. Buning uchun Ege, Okan va Istanbul texnika universitetlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Uchrashuvda transport aloqalarini kengaytirish, Turkiya orqali Yevropaga multimodal xalqaro tashuvlarni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi. Intensiv bogʻdorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik yoʻnalishlarida Turkiyaning ilgʻor tajribasini oʻzlashtirish, universitetlar va ilmiy markazlar bilan qoʻshma tadqiqotlar olib borish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yana-da mustahkamlashda madaniy-gumanitar tadbirlar, turli festivallar muhim oʻrin tutadi. Turkiya madaniyati va sanʼati vakillari Samarqandda oʻtadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etadi. Shuningdek, turk amaliy sanʼati va folklori namoyandalari yurtimizda ilk bor oʻtkazilgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Hunarmandchilik festivalida ham oʻz sanʼati va madaniyati namunalarini taqdim etdi.

Sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlim sohalarida, yetakchi tadqiqot markazlari oʻrtasida tajriba almashish hamda professional kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada oʻtgan yili Buxoro davlat tibbiyot institutida xalqaro fakultet tashkil etilib, 131 talaba oʻqishga qabul qilinganini qayd etish oʻrinli. Turkiya bilan hamkorlikda bunday qoʻshma taʼlim dargohlarini koʻpaytirish, hududlarda tibbiyot darajasini oshirish va aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiy turizmni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Prezidentlar Oʻzbekistonda onkogematologiya, kardiojarrohlik, oftalmologiya yoʻnalishlarida zamonaviy qoʻshma klinikalar va diagnostika markazlari tashkil etish, kichik biznes, toʻqimachilik kabi yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, klasterlar uchun mutaxassislar tayyorlash taklifi yuzasidan fikr almashdilar.

Soʻnggi yillarda Turkiyadan sayyohlar oqimi ikki barobar oshdi. Jumladan, oʻtgan yili 64 ming turkiyalik sayyoh mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda ikki tomonlama siyosiy muloqot va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga intilish qatʼiy ekani yana bir bor tasdiqlandi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbarining Turkiyaga tashrifi doirasida shu kuni Anqara shahrida Oliy darajadagi Oʻzbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formatidir. U 2018-yili davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonotiga muvofiq tuzilgan.

Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida olib boradi. Siyosat, xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, madaniyat, taʼlim, fan va texnika, innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash va boshqa oʻzaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari erishilgan natijalar toʻgʻrisida mazkur kengashga doimiy axborot kiritib boradi. Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi va Turkiya tashqi ishlar vazirligi kengashning muvofiqlashtiruvchi organlari hisoblanadi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon davlatimiz rahbarini tashrif bilan qutlab, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Turkiya va Oʻzbekistonning qoʻshma loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik va cheksiz hurmat uchun Turkiya rahbari va xalqiga tashakkur izhor etdi.

– Bu uchrashuv strategik sherikligimiz yuksak bosqichga koʻtarilganining yaqqol ifodasidir. Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda besh milliard dollarga yetkazishga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarishda ham ushbu kengash, albatta, muhim zamin boʻladi. Biz bugungi yigʻilish natijalarini mustahkamlab, kelgusi yili boʻlib oʻtadigan uchrashuvning kun tartibi va hamkorligimizning asosiy yoʻnalishlari haqida hozirdan oʻylashimiz maqsadga muvofiq, – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston bilan Turkiya hamkorligi, ayniqsa, oxirgi uch yilda ancha faollashdi. Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktyabr oyida Turkiyaga hamda Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning 2018-yil aprelda Oʻzbekistonga davlat tashriflari oʻzaro siyosiy ishonchni mustahkamlab, samarali hamkorlikka keng yoʻl ochdi.

Izchil muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasi hamkorlik rivojida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Ikki davlat rahbarlarining qoʻllab-quvvatlashi va yaratilayotgan sharoitlar natijasida hamkorlik koʻlamini yana-da kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston va Turkiya savdo vazirlari soʻzga chiqib, ikki tomonlama hamkorlik rivoji toʻgʻrisida batafsil axborot berdi.

Muzokaralarda mamlakatlarimiz hamkorligiga oid barcha masalalar va ularning yechimlari, istiqboldagi asosiy vazifalar hamda qoʻshma loyihalar kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish uchun Rejep Tayyip Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga taklif qildi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi natijalari toʻgʻrisida Qoʻshma bayonotni imzoladilar. Shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan brifingda Rejep Tayyip Erdoʻgʻon Oʻzbekiston Prezidenti tashrifidan mamnun ekanini bildirdi.

– Ilmi, ijodi bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrlidir. Oʻzbekiston bilan munosabatlarimiz mustahkam qardoshlik rishtalariga tayangan holda, strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini qadrlaymiz, – dedi Turkiya Prezidenti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi doʻstona aloqalar tarixida yangi sahifa ochgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarga oid koʻplab masalalar atroflicha muhokama qilinganini taʼkidladi.

– Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalasi muloqotimizning markaziy mavzularidan biri boʻldi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qiymati bir milliard dollardan ortiq boʻlgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldik, – dedi davlatimiz rahbari.

Aksariyat mintaqaviy va xalqaro muammolar borasida, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi hamkorlikka oid yondashuvlar mushtarak ekani taʼkidlandi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ham muloqotni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Maʼrifiy islomni targʻib etish, madaniyat, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport sohalarida birgalikda tadbirlar oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

– Qardosh xalqlarimiz taraqqiyoti, tinch va farovon hayoti yoʻlida rivojlanib borayotgan anʼanaviy doʻstlik, keng qamrovli hamda istiqbolga moʻljallangan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz. Aynan shu tamoyillar muloqotimiz yakunida imzolangan Qoʻshma bayonotda oʻz ifodasini topdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari tashrif doirasida 20-fevral kuni Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashishi, Turkiya Respublikasi Prezidenti kutubxona majmuasining ochilish marosimida qatnashishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar Turkiya bilan iqtisodiy hamkorlikda yangi sahifa ochadi, ziyo maskaniga tashrif xalqlarimizning oʻz kelajagini yuksak maʼnaviyat, oʻlmas axloqiy qadriyatlar, bilim va maʼrifat orqali koʻrayotganining namoyoni boʻladi.


OʻzA

Tugmani bosing Tinglash