Welcome to stat   Click to listen highlighted text! Welcome to stat Powered By GSpeech

HUDUDLAR HAQIDA STATISTIK MA'LUMOTLAR

 

 

Mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ichki bozorni oʻzimizda ishlab chiqarilgan sifatli kiyim-kechaklar bilan toʻldirishda joylarda tashkil etilayotgan tikuvchilik korxonalarining alohida oʻrni bor.

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan boʻyalgan trikotaj mato va tekstil mahsulotlari ishlab chiqariladigan “Develop Textile” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”,”Gʻijduvon”,”Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2017-yil 7-avgustdagi “Erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat koʻrsatishi uchun vazirliklar, idoralar va joylardagi davlat hokimiyati organlarini muvofiqlashtirishni kuchaytirish va ularning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash borasida Xorazm viloyatida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz oʻsha yilning 14-15-oktyabr kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yana-da rivojlantirish loyihalari taqdimoti bilan tanishib, hudud iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha aniq topshiriqlar bergan edi. Ayni kunda ushbu yoʻnalishda keng qamrovli amaliy ishlar jadal olib borilmoqda
Dastlab “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi uchun Hazorasp tumanining 2 ta hududidan 325 gektar boʻsh yer maydonlari ajratib berilgan edi. Qurilish hamda infratuzilma tarmoqlarini oʻtkazish xarajatlarini kamaytirish maqsadida erkin iqtisodiy zona korxonalarini birinchi navbatda boʻsh turgan bino va inshootlar negizida joylashtirish boʻyicha takliflar oʻrganilib yana 7 ta hududda joylashgan 89 gektar yer maydonlari erkin iqtisodiy zona hududiga qoʻshib berildi. Natijada “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududi Bogʻot, Xiva, Urganch tumanlaridan ajratilgan maydonlar hisobiga kengayib, jami 414 gektarga yetdi.

Bugungi kunda “Hazorasp” EIZda umumiy qiymati 306,3 million dollarlik 19 ta loyiha boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida 15 ta loyiha toʻliq ishga tushirildi va natijada sendvich panellar, yuvish vositalari, avtomobil radiatorlari, temirdan qurilish materiallari, tayyor trikotaj mahsulotlari, quyosh isitgichlari, bir martalik sterillangan tibbiyot qoʻlqoplari va oyoq kiyimlari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.

. Shuningdek, qiymati 19,5 million dollarga teng 5 ta loyiha 2020-yilning birinchi yarim yillik yakuniga qadar ishga tushiriladi va yana 500 dan ortiq kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi. Tibbiyot test tayoqchalari, maishiy texnikalar uchun elektr dvigatellar, chemodanlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonada 801,5 million dollarlik 9 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi hisobiga 1500 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.
Erkin iqtisodiy zona hududida alohida bojxona rejimi, soliq imtiyozlarining amal qilishi hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirib,toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilishda muhim omil boʻlmoqda.
Misol uchun, Malayziyaning “Serba Dynamik Group Bhd.” kompaniyasi ana shu imtiyozlar evaziga 250,0 million. dollarga teng “Kaustik soda va suyuq xlor ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirmoqchi.
Hozirda “Hazorasp” EIZda 215,1 gektar yer boʻsh maydonlari mavjud. EIZning 1 va 2-hududlarida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan qiymati 87,1 million dollarga teng 11 ta loyiha boʻyicha birlamchi hisob-kitoblar tayyorlanib, xorijiy ishbilarmon doiralar orasida keng targʻib qilish maqsadida Tashqi ishlar vazirligiga taqdim qilingan.
“Develop Textile” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi erkin iqtisodiy zona hududidagi istiqbolli loyihalardan biri. Bugungi kunda loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq qurilish ishlari yakunlangan. Keng, yorugʻ sexlar, omborxona va boshqa qoʻshimcha xonalar bunyod etilgan. Ishchilarning unumli mehnat qilishi va dam olishi uchun zarur qulayliklar yaratilgan. Xitoy, Germaniya, Turkiya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy tikuvchilik dastgohlari oʻrnatilgan. Texnologik uskunalar sinovdan oʻtkazilmoqda.

Yirik loyihani ishga tushirish uchun 13,14 million dollar mablagʻ sarflandi. Shundan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 4,16 million dollarni tashkil etdi. 8,98 million dollari tijorat bankining kredit mablagʻidir.

Davlatimiz rahbari mazkur korxonada boʻlib, mutaxassislar va tikuvchilar bilan suhbatlashdi. Ishlab chiqarilgan raqobatbardosh tikuvchilik mahsulotlari namunalarini koʻzdan kechirdi. Prezidentimiz bu kabi zamonaviy korxonalarni koʻpaytirish orqali paxta xomashyosini qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish, endilikda faqat tayyor mahsulot eksport qilish zarurligini qayd etdi.
Loyihaning ishga tushirilishi bilan 800 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi.
Korxona yiliga 4 ming tonna har-xil turdagi tayyor boʻyalgan choksiz trikotaj mato, 14 million dona trikotaj-tikuv mahsulotlari ishlab chiqarib, 12 million dollarlik raqobatbardosh mahsulotni Germaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlariga eksport qilishni rejalashtirgan.


Xulosa qilib aytganda, “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi keng imkoniyatlar maydoni boʻlib, hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, shu asosda yangi ish oʻrinlari tashkil etish, pirovardida aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa milliy iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini taʼminlashga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi.
Shu yerda Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, tashkil etiladigan ishlab chiqarish hududlarining joylashuvi va boshqa loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

OʻzA

Tugmani bosing Tinglash