Welcome to Namangan viloyati statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Namangan viloyati statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

HUDUDLAR HAQIDA STATISTIK MA'LUMOTLAR

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni karantin sharoitini yana-da yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga oʻzgargayotgani bois 22-apreldan karantin sharoiti bosqichma-bosqich yumshatila boshlagan edi. Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joylardagi vaziyat oʻrganildi. Har bir tarmoq va hokimliklardan asoslangan takliflar olindi.

Yigʻilishda ushbu taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalariga qoʻshimcha ravishda xizmat koʻrsatish subyektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.

Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi boʻlgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat doʻkonlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, taʼmirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin boʻladi.

Lekin, koronavirus toʻla bartaraf boʻlmagani sababli, odamlar koʻp toʻplanadigan obyektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, toʻyxonalar, jamoat transporti boʻyicha cheklovlar maʼlum muddatgacha saqlanib qoladi.

Respublika komissiyasiga xizmat koʻrsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yoʻlga qoʻyishni belgilash topshirildi.

– Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Unga koʻra:

- toʻqimachilik korxonalari va klasterlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash, mahsulot raqobatdoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga oʻtiladi;

- 1-aprelga qadar ichki bozorda sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy toʻlov muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytirildi;

- toʻqimachilik korxonalari eksport qilgan mahsulot respublikadan chiqib ketishi bilan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻliq qaytariladi;

- soha uchun muhim boʻlgan 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi.

Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini keskin koʻpaytirish, yirik, kamida 1 mingta odam ishlaydigan, xalqaro brend ostida ishlab chiqaruvchi zamonaviy yirik toʻqimachilik va tikuv klasterlarini barpo etish koʻzda tutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi.

Unga muvofiq, tashish xarajatlari uchun subsidiya beriladigan mahsulot turlari hozirgi 52 tadan 86 tagacha koʻpaytirildi. Bu roʻyxatga 32 turdagi sabzavot va poliz mahsulotlari hamda hoʻl, muzlatilgan va konservalangan mevalar qoʻshildi.

Ushbu transport xarajatini subsidiyalash mexanizmidan 2 mingdan ziyod eksportyor korxonalar foydalanishi imkoniyati yaratilmoqda va bunga byudjetdan 360 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

– Bunday choralardan maqsad – korxonalar faoliyatini tez tiklash, eksport hajmini barqaror oshirish, yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish uchun katta imkoniyat yaratish. Shu sababli barcha darajadagi rahbarlar doimiy ravishda har bir tuman va mahallada yangicha gʻoya hamda tashabbuslarni joriy etib, oddiy xalq yoki kambagʻalning hayotini yaxshilash, ularni band qilish va daromadini oshirish masalalari bilan ustuvor darajada shugʻullanishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yigʻilishda karantin choralari yengillashtiriladigan hududlarni belgilash masalasi ham koʻrib chiqildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga har bir tuman va shaharning karantin darajasini belgilash, joylardagi vaziyat oʻzgarishiga qarab, tezkorlik bilan karantin darajalarini yangilab borish vazifasi qoʻyildi. 23-aprel kuni tasdiqlangan pandemiya davrida vaqtinchalik sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normalarga rioya etish zarurligi taʼkidlandi.

Karantindan keyin iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun sharoit yaratishni hozirdan boshlash kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari va banklar bilan birga 1-iyunga qadar korxonalarga koʻrsatiladigan yordam turlari va miqdorini aniqlab, har bir korxona boʻyicha Inqirozdan keyingi manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu rejada korxonalarga aylanma mablagʻlar uchun qoʻshimcha kreditlar berish, eksport majburiyatlarini bajarishga koʻmaklashish, tomorqa va issiqxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdorini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Videoselektor yigʻilishida soliq tushumlarini taʼminlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida bu boradagi prognoz 102,7 foizga bajarilgan. Bundan buyon byudjetga tushumlar sezilarli ravishda ortib borishi qayd etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Oziq-ovqat xavfsizligiga ham yana bir bor eʼtibor qaratilib, aholini asosiy turdagi mahsulotlar bilan uzluksiz taʼminlash, narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari belgilandi.

Videoselektor yigʻilishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlar axborot berdi.

OʻzA

TADBIRKORLAR UCHUN

 
 
Tugmani bosing Tinglash