Welcome to Namangan viloyati statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Namangan viloyati statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

HUDUDLAR HAQIDA STATISTIK MA'LUMOTLAR

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 11-12 mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Avval xabar qilinganidek, tashrifning asosiy tadbirlari 11 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chat o‘tqazdi.

Bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari do‘stligining, davlatlararo munosabatlarda yangi davr boshlanganining ramzi bo‘ldi, deyish mumkin.

Mazkur xiyobonda boshqa hamkor davlatlar rahbarlari ekkan daraxtlar ham bor.

Qirg‘iziston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkent shahridagi texnoparkda O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida mazkur texnoparkka tashrif buyurdi.

Ushbu zamonaviy majmua davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Qirg‘iziston Prezidentiga texnoparkdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar – maishiy texnikalar, elektron gaz hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari va sovitish tarmoqlari haqida ma’lumot berildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekistonning sanoat, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ko‘rgazmaga 24 ta tarmoq va 14 hududda ishlab chiqarilayotgan mingdan ortiq mahsulotlar qo‘yilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda ham kerakli salohiyat borligi, uni yuzaga chiqarish uchun O‘zbekiston kooperatsiyalar tashkil etish va tajriba almashishga tayyor ekanini ta’kidladi. Tarmoq rahbarlariga Qirg‘izistondagi turdosh muassasalar bilan yaqindan ishlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekiston xalqi nomidan Qirg‘iziston xalqiga yurtimizda ishlab chiqarilayotgan tez tibbiy yordam mashinalari sovg‘a qilindi. Sadir Japarov qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, doimiy ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Oliy martabali mehmon tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida hamkorlikning barcha darajalarida aloqalarni faollashtirishdan hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari rahbarlarining o‘zaro tashriflari amaliyotini davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Ikki mamlakat Prezidentlari muzokaralarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish xususida so‘z yuritildi.

Qonun ijodkorligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, Oliy Majlis Senati va Jogorku Kenesh shafeligida mintaqalararo forumni o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilovni qabul qildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi strategik hamkorlik darajasiga chiqqani, do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Ikki mamlakat qonunchilik organlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning muzokaralari yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ikki mamlakat hukumatlari oldida turgan muhim vazifalar ko‘rib chiqildi.

Transport, energetika sohalarida O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish muddati kelishib olindi.

Shu bilan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi.

Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kuzatib qo‘ydi.

 

O‘zA

Tugmani bosing Tinglash