Welcome to Namangan viloyati statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Namangan viloyati statistika boshqarmasi Powered By GSpeech
Maqola

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 25 oktyabr kuni Jahon bankining «Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Namangan viloyatiga tashrif buyurgan Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi.

 

Jahon banki qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta iqtisodchisi Melissa Braun, qishloq taraqqiyoti bo‘yicha katta mutaxassisi Samik Sundar Das, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta mutaxassisi Dilshod Xidirov hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha mas’ul organ bo‘lgan Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bosh direktori o‘rinbosari G‘ayrat G‘aniyevdan iborat delegatsiya bilan bo‘lgan uchrashuvda viloyatda, ayniqsa qishloq hududlarida tadbirkorlikni va oilaviy biznesni rivojlantirish hamda bu borada Jahon bankining yangi loyihasining roli haqida so‘z bordi.

Uchrashuvda Namangan viloyatida oilaviy tadbirkorlikning bugungi holati hamda viloyat iqtisodiyotida tutgan o‘rni haqida ma’lumot berildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 52 mingdan ziyod oilaga “Har bir oila - tadbirkor” dasturi bo‘yicha jami 852 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratib berilgani qayd etildi. Biroq bu dastur bo‘yicha berilayotgan kreditlarning yuqori summasi, ba’zi loyihalarni moliyalashtirish uchun kamlik qilganini hisobga olganda, Jahon bankining yangi loyihasi viloyat tadbirkorlariga juda foydali bo‘lishi ta’kidlandi.

 

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish» loyihasi qishloq xo‘jaligi sohasida iqtisodiy tizimni yanada chuqur isloh qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish tizimini kengaytirish, shuningdek, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish, Namangan, shuningdek Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilgan.

Uchrashuvda Loyiha doirasida kredit mablag‘larini o‘zlashtirish jarayoni boshlangani, hozirda kreditlarni berish uchun Jahon banki tomonidan tanlab olinayotgan banklar ro‘yxatini tasdiqlash so‘nggi bosqichida turilganligi ma’lum qilindi. Ushbu loyiha, qishloq xo‘jaligi bilan band kichik va o‘rta biznes vakillariga hamda tadbirkorlarga 125 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan uzoq muddatli imtiyozli kredit taqdim qiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jamlash va eksport qilishni ko‘zda tutgan loyihalarga 2 million AQSH dollarigacha bo‘lgan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berilishi rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, «Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish» loyihasi doirasida “Har bir oila - tadbirkor” dasturi bo‘yicha kredit olib faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga yangi bozorlar topish hamda mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish bo‘yicha konsultativ hamda texnik ko‘maklashish ham ko‘zda tutilmoqda.

Tugmani bosing Tinglash