Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining SIAT statistika integrallashgan axborot tizimi va Qishloq xoʻjaligi vazirligining Geoaxborot tizimi oʻrtasida oʻzaro elektron maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston–2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi PF-6079-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-2023-yillarda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida PQ-357-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2023-yil uchun statistika dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2023-yil 27-fevraldagi 80-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2022-yil 7-iyundagi PQ-273-son qarorlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligining SIAT statistika integrallashgan axborot tizimi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining Geoaxborot tizimi oʻrtasida qishloq xoʻjaligiga oid axborotlarni oʻzaro elektron almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining SIAT statistika integrallashgan axborot tizimi va Qishloq xoʻjaligi vazirligining Geoaxborot tizimi oʻrtasida oʻzaro elektron axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyilishi natijasida qishloq xoʻjaligiga oid bir qator axborotlarni elektron tarzda olish imkoniyati yaratildi. Jumladan, unga koʻra, fermer xoʻjaliklariga tegishli yer maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar viloyat, tuman va konturlar kesimida, ekin maydoniga ekilgan ekin turlari toʻgʻrisidagi axborotlarni integratsiya qilish orqali elektron qabul qilish yoʻlga qoʻyildi.
SIAT statistika integrallashgan axborot tizimi va Geoaxborot tizimi oʻrtasida oʻzaro elektron axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyilishi natijasida, olingan axborotlarni fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan statistika hisoboti maʼlumotlaridagi ekilgan ayrim turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlari maydonlariga oid koʻrsatkichlar bilan solishtirish imkoniyati yaratildi.
Axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgunga qadar, qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilgan maydonlari toʻgʻrisidagi axborotlar Qishloq xoʻjaligi vazirligidan murojaatga asosan yil yakuni boʻyicha olingan. Axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi natijasida axborot olish yil yakuni boʻyicha emas, balki statistik tahlil uchun zarur boʻlgan vaqtda axborotlarni yuklab olish imkoniyati yaratildi.
Bu oʻz navbatida, axborot almashinuvi real vaqt rejimida, inson omili ishtirok etmasdan ishlashi statistik tahlillarning tez va sifatli amalga oshirilishiga katta zamin yaratmoqda.
Bundan tashqari, tomonlar barcha zarur texnik va takomillashtirish ishlarini mustaqil yoki oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradilar. Xatolik va nosozliklar yuzaga kelganda, axborot tizimiga kirish imkoniyati mavjud boʻlmagan holatlarda tomonlar darhol xabardor qilish boʻyicha barcha harakatlarni amalga oshirishlari zarur.
Elektron maʼlumot almashish tizimini ishlab chiqish jarayonida tomonlar oʻzaro kelishgan holda maʼlum bir texnik tafsilotlarga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega hisoblanadi. Oʻzgarishlar kiritilgan taqdirda tomonlar oʻzgarishlar haqida xabardor kilinishi kerak boʻladi. Soʻrov va javobning xususiyatlari yoki tarkibiga oʻzgartirish kiritish zarurati paydo boʻlganda tomonlar ushbu oʻzgartirishlarni kelishilgan tartibda ishchi holatda amalga oshiradilar.
Kelgusida qishloq xoʻjaligiga oid statistik maʼlumotlarning qamrovini va sifatini yanada oshirish maqsadida, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda sohani raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida maʼlumotlardan integratsiya asosida foydalanish choralari koʻrib boriladi.