Joriy yilning 12–14-sentabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi tomonidan Statistika ishlab chiqaruvchilari va foydalanuvchilari Xalqaro Forum hamda MDHga aʼzo davlatlar statistika idoralari rahbarlari Kengashining navbatdagi 67-yigʻilishi oʻtkazildi.
Ushbu xalqaro forumning uchinchi kunida MDHga aʼzo davlatlar statistika xizmatlari rahbarlari Kengashining navbatdagi 67-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda MDHga aʼzo davlatlarning statistika idoralari rahbarlari, davlat boshqaruvi organlari vakillari, biznes-tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida statistika ishlarini tashkil etishda yangi uslublar, statistika maʼlumotlarini ishlab chiqarishni takomillashtirish va ushbu jarayonni boshqarish, katta maʼlumotlar va muqobil maʼlumotlar manbalari imkoniyatlaridan keng foydanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningidek, statistika sohasida raqamli ekotizimlar va xizmatlar, hozirgi holat va istiqbolda rivojlanishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlar berildi.
Forumda ishtirok etish natijalariga koʻra:
- tavsiyalar va ilgʻor xalqaro tajribalarni Oʻzbekistonda bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlanadi;
- tayyorlangan takliflar asosida aholini roʻyxatga olishning eng samarali usullardan foydalangan holda oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi;
- ilgʻor tajribalar asosida faoliyatga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalari koʻrib chiqiladi.
Tadbir doirasida Statistika agentligi delegatsiyasi MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi rahbariyati bilan uchrashib, istiqboldagi hamkorlik yoʻnalishlarini kelishib oldi.
Matbuot xizmati