Open Data Watch tashkilotining 2022/2023- yilgi hisobotida Oʻzbekiston “Ochiq Gender maʼlumotlari indeksida” 69,7 ball toʻplagan holda bu koʻrsatkich boʻyicha jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy oldi. https://odin.opendatawatch.com/Report/biennialReport2022
Gender maʼlumotlari indeksi butun dunyo boʻylab gender maʼlumotlarining mavjudligi va ochiqligini oʻlchaydi. Indeks 35 ta statistik toifadagi 11 ta koʻrsatkichning mavjudligiga asoslanadi.
Mamlakatimizda gender statistikasini yuritish boʻyicha statistika organlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida gender statistikasini yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish boʻyicha alohida boʻlinma tashkil etilgan.
Agentlikning gender.stat.uz rasmiy veb-sayti ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilgan.
Bundan tashqari, agentlikning stat.uz, nsdg.stat.uz, aholi.stat.uz saytlari, siat.stat.uz statistika portali, shuningdek, data.egov.uz ochiq maʼlumotlar portalida ham gender statistikasiga oid koʻrsatkichlar doimiy joylashtirib kelinmoqda.
gender.stat.uz saytining barcha boʻlimlarida bugungi kunda jami 180 dan ziyod gender statistikasiga oid koʻrsatkichlar 3 ta tilda, 5 xil formatda joylashtirib borilmoqda.
Tizimdagi xodimlar malakasini oshirish va tajriba almashish maqsadida xalqaro tashkilotlar hamda boshqa davlatlarning vakillari bilan hamkorlikda seminarlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, BMTning Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan 52 ta minimal gender koʻrsatkichlar toʻplami boʻyicha agentlikning gender.stat.uz rasmiy veb-saytida alohida sahifa ochilgan.
Masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha minimal gender koʻrsatkichlari toʻliq shakllantirilib, saytga joylashtirildi va muntazam yangilab borilmoqda.
Veb-saytda 5 ta yoʻnalish boʻyicha 52 ta koʻrsatkichlardan iborat BMT Statistika komissiyasining tavsiyasiga muvofiq sohalar boʻyicha gender koʻrsatkichlarining minimal toʻplami bilan bir qatorda 8 ta yoʻnalish boʻyicha 130 dan ziyod boshqa koʻrsatkichlar shakllantirilib, eʼlon qilib borilmoqda.
2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 61 ta maqsadli koʻrsatkichlari monitoringi uchun maʼlumotlar veb-saytning alohida sahifasida joylashtirildi.
Shuningdek, 550 mingdan ortiq korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan 27 turdagi statistika kuzatuvlari asosida shakllantiriladigan qoʻshimcha gender statistikasi koʻrsatkichlari rasmiy veb-saytining asosiy koʻrsatkichlar sahifasiga joylashtirilib, tarkibi muntazam kengaytirib borilmoqda.