Joriy yilning 17-noyabr kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda boshqarma bosh yuriskonsulti B.Ismatullayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2017- yil 11- sentabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida» O‘RQ-445-son Qonuni mazmun-mohiyati yuzasidan tushunchalar berildi.
Seminarda murojaatlarning shakllari va turlari, murojaatlarga qo‘yiladigan talablar, ularni berish tartibi va muddatlari hamda ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida xodimlarga tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, kelib tushgan murojaat o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerakligini, uni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilinib, bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinishi, murojaatlar kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi, shuningdek anonim murojaatlar, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ushbu Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar ko‘rib chiqilmasligi to‘g‘risida xodimlarga tushuntirishlar berildi.