Joriy yilning 13-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida "Oʻzbekistonda statistika tizimini mustahkamlash" loyihasi doirasida Jahon banki missiyasi vakili bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Statistika agentligi Xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi boshqarmasi boshligʻi Odiljon Mamadaliyev va Aholi turmush darajasi va kuzatuvlari statistikasi boshqarmasi boshligʻi Umid Madaminov hamda Jahon banki missiyasi vakili – Ikuko Uochi ishtirok etdi.
Missiyaning maqsadi "Oʻzbekistonda statistika tizimini mustahkamlash" loyihasini amalga oshirishdagi keyingi bosqichlar, tadbirlar rejasi va loyiha doirasida maʻlumotlar boʻyicha soʻrovlarni muhokama qilishdan iborat.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4796-sonli qaroriga muvofiq, Jahon banki ekspertlari koʻmagida "2020–2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi" tasdiqlangan edi.
Mazkur uchrashuv davomida tomonlar loyihani amalga oshirish jarayoni, joriy vazifalar va kelgusidagi tadbirlar rejasi bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar.
Loyihaning tarkibiy qismlari, xususan, salohiyatni rivojlantirish, maʻlumotlarni tayyorlash, texnik imkoniyatlarni yaxshilash va boshqarish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.