Joriy yilning 22-dekabr kuni Statistika agentligi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda BIG DATA, sunʼiy intellekt va elektron tijorat: muammolar, vazifalar, yechimlar” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda AQSHning Penselvaniya va Jorjiya universitetlari, Koreya “Statistika trening instituti”, Rossiyaning Ural, Janubiy federal va Moliya universitetlari, Microsoft kompaniyasi, Polsha xalqaro biznes akademiyasi, tegishli vazirlik va idoralari vakillari hamda Statistika agentligi jamoasi ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni oʻtkazishdan asosiy maqsad – Raqamli iqtisodiyotning nazariy va uslubiy jihatlarini keng yoritib berish, raqamli iqtisodiyotni statistik tahlil qilish metodologiyasini takomillashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda sunʼiy intellektning roli va oʻrnini koʻrsatib berish, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning statistik koʻrsatkichlarni baholash boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiyada Statistika agentligi direktori, iqtisod fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovich soʻzga chiqib, 2020-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasida nazarda tutilgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, yurtimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, mazkur jarayonlarda statistik kuzatuvlarni amalga oshirish hamda manfaatdor vazirlik va idoralar oʻrtasida raqamli maʼlumotlarning tezkor almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar borasida ma’lumot berdi.
Konferensiya yakunida BIG DATA tahlilida sunʼiy intellektni joriy etish, elektron tijorat va iqtisodiyotni raqamlashtirishning asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha takliflar umumlashtirilib, ularning ijrosini samarali amalga oshirish mexanizmlarini joriy etishga kelishib olindi.