Joriy yilning 26-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Bahodir Abdusalomovich hamda agentlik vakillari MDHga aʼzo davlatlar statistika idoralari rahbarlari Kengashining navbatdagi 68-onlayn uchrashuvida ishtirok etdi.
Yigʻilishida MDH davlatlararo statistika qoʻmitasi, MDH Ijroiya qoʻmitasi va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur uchrashuv davomida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlatlararo statistika qoʻmitasining 2024-yilgi ish dasturi, “MDH statistikasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish borasidagi ishlar, statistika xizmatlari rahbarlari Kengashi faoliyati toʻgʻrisidagi 2020-2023-yillar uchun hisobot, 2024-yilda MDH statistika idoralarida viktorina oʻtkazish hamda Kengashning boʻlajak 69-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida MDHga aʼzo davlatlarning statistika boshqarmalari rahbarlari yil yakunlarini sarhisob qildilar, MDH davlatlararo statistika qoʻmitasi tomonidan olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadilar. MDH davlatlararo statistika qoʻmitasining 2024-yilgi ish dasturini, “MDH statistikasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish doirasidagi tadbirlarni va hamkorlikning boshqa istiqbolli yoʻnalishlarini amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldilar.