Joriy yilning 30-yanvar kuni Namangan viloyati Statistika boshqarmasida 2023-yil yakunlari boʻyicha boshqarmaning kengaytirilgan Hayʻat yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Statistika boshqarmasi rahbariyati, bo‘lim boshliqlari hamda hududiy statistika bo‘limalari xodimlari qatnashdi.
Kun tartibiga binoan, Statistika boshqarmasi boshlig‘i Melixujayev Sanjarbek Obidxonovich Hayʻat yigʻilishini ochib berib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining hujjatlari hamda topshiriqlarida Statistika boshqarmasining oldiga qoʻyilgan vazifalar va tizimda 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi borasida toʻxtalib oʻtdi.
Yigʻilishda kun tartibiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va “2020-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi”da statistika idoralariga yuklatilgan vazifalarning ijrosi boʻyicha maʻlumot berildi.
Shuningdek, Shahar va tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga oid shakllantirilgan statistik koʻrsatkichlar masalasi muhokama qilindi. Statistika boshqarmasi boshlig‘i xodimlarga hududning ijtimoy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini shakllantirish va tahlil qilish jarayonida eʻtibor berilishi lozim boʻlgan jihatlar boʻyicha alohida koʻrsatmalar berdi. Shahar va tumanlarning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini ifodalovchi jadvallarni oʻz muddatida yangilab borilishi taʻkidlandi.
“1-KB yillik” – mikrofirma va kichik korxonalarning va “1-FX yillik”– fermer xo’jaliklari faoliyati to’g’risida 2023-yil uchun statistik hisobotlarining o‘z vaqtida sifatli qabul qilish samaradorligini oshirish yuzasidan alohida topshiriqlar berdi.
Kengaytirilgan Hayʻat yigʻilishi yakunida ijro intizomi va tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, vazifalarni oʻz vaqtida bajarmagan xodimlarga tegishli choralar koʻrish, ish faoliyatini namunali yoʻlga qoʻygan ishchi-xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.