29/02/2024

Joriy yilning 27-fevralidan 1-martiga qadar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida Statistika komissiyasining navbatdagi 55-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.

1

Statistika agentligi rahbari BMT Statistika komissiyasining 55-sessiyasida chiqish qilib, mamlakatimizda statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, statistika idoralari faoliyatiga joriy etilgan soʻnggi oʻzgarishlar, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, faoliyatni sifatni boshqarishning ilgʻor tizimlari asosida yoʻlga qoʻyish, statistik jarayonlarni soʻnggi xalqaro statistika uslubiyotlariga mos ravishda amalga oshirish borasida erishilgan natijalar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va gender statistikasini yuritish borasida, “Ochiq maʼlumotlar xatlovi” (ODIN) baholashlarida qayd etilgan yutuqlar haqida maʼlumot berib oʻtdi.

2fgjhgfg5h-dfgh12ppfgh

Eslatib oʻtamiz, 2023-yilda quyidagi natijalarga erishildi:

– Oʻzbekiston Respublikasi Open Data Inventory (ODIN) reytingida 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-oʻringa koʻtarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni saqlab qoldi;

– BMT Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻi (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan eʼlon qilingan BRM (SDG index) reytingida Oʻzbekiston 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69-oʻrinni egalladi;

– Open Data Watch tashkilotining soʻnggi hisobotida Oʻzbekiston “Ochiq Gender maʼlumotlari indeksi”da 69,7 ball toʻplagan holda jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy oldi;

– BMT Statistika boʻlimining rasmiy veb-sahifasida Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha 87 ta eng ilgʻor tajribalarga ega davlatlar qatoridan joy oldi;

– Londondagi Ochiq maʼlumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali data.egov.uz  “Gold level” oltin darajadagi sertifikatini oldi. Maʼlumot oʻrnida, dunyoda atigi 3 ta sayt eng yuqori boʻlgan “Platinum level” darajadagi sertifikatga ega boʻlgan. Ulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining rasmiy sayti stat.uz hisoblanadi.

3hjh32ghj2ghjgoupuioph5jh

Shuningdek, ESKATO, va uning hududidagi davlatlar bilan mintaqaviy statistikani takomillashtirish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida ham axborot berildi.

BMT Statistika komissiyasining 55-sessiyasi davomida statistika sohasida qabul qilinayotgan soʻnggi xalqaro uslubiyotlar va ilgʻor xorijiy tajribalar boʻyicha maʼlumotlar bilan tanishildi.

4fgh2g1fgh12oioifgh

Delegatsiya aʼzolari BMTning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasi Statistika kengashi byurosi va Islom hamkorlik tashkilotining Statistika komissiyasi byurosi ishchi muhokamalarida ishtirok etdi.

5rty5r4tsh151ioio0i1gdfg

Tadbirlar doirasida BMT Statistika departamenti direktori (Stefan Shvaynfest), Open Data Watch tashkiloti rahbariyati (Shayda Badi), Islom hamkorlik tashkilotining SESRIC markazi direktori (Zexra Zyumrut Selchuk), BMTning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasi (ESKATO) Statistika boʻlimi boshligʻi (Reychl Biven), BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi Statistika boʻlimi boshligʻi (Tiina Luige), MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi rahbari (K.E.Laykam), shuningdek, Kanada (Anil Arora), Malayziya (Dr. Mohd Uzir Mahiddin), Koreya (Li Xyong Il), Singapur (dr. Ko Eng Chuan), MDH va Markaziy Osiyo davlatlari milliy statistika idoralari rahbarlari bilan ham uchrashilib, sohaga doir dolzarb mavzular va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

6uyj5tj5ty5j1ty5pipj1ty5j

Uchrashuvlar yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini rivojlantirish borasida muhim masalalar boʻyicha kelgusidagi hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Jumladan, Malayziya milliy statistika idorasi rahbari bilan ikki idora oʻrtasida statistika sohasida oʻzaro hamkorlik va anglashuv memorandumi imzolandi.

7uiol65ui5l56ui6lupil

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Yevrostat va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi tomonidan 2024-yilning 4-choragida Oʻzbekiston milliy statistika tizimini global baholashdan oʻtkazish rejalashtirildi.

2024-yilning may oyida, Koreya milliy statistika idorasi (KOSTAT) bilan Statistika agentligi delegatsiyasi o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashrifi va tizim kadrlari salohiyatini oshirish bo‘yicha ikki idora institutlarining “tvining” integratsiyasi masalalariga kelishib olindi.

Mazkur uchrashuvlar soʻnggi xalqaro tavsiyalar va ilgʻor xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish masalalarida yaqindan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

8uioui52o63ui5oui6pppo6ui

Maʼlumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika komissiyasi, 1947-yilda tuzilgan boʻlib, global statistika tizimining eng yuqori organi hisoblanadi. U butun dunyodan BMTga aʼzo davlatlarning statistika idoralari rahbarlarini birlashtiradi.

Xalqaro statistika faoliyati sohasida, xususan, statistik standartlar, konsepsiyalar va uslubiyotlarni ishlab chiqish va ularni xalqaro va milliy miqyosda amalga oshirish boʻyicha qaror qabul qiluvchi asosiy organ hisoblanadi.

Shuningdek, u BMT iqtisodiy va Ijtimoiy kengashining funksional komissiyasi boʻlib, Kengashga milliy statistika tizimlarini rivojlantirish va milliy statistik maʼlumotlarning taqqoslanuvchanligini taʼminlashda, BMTning ixtisoslashtirilgan agentliklari statistika sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishda hamda statistikani va statistik uslubiyotlarni takomillashtirishda yordam beradi.

Komissiya sessiyalari har yili BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida oʻtkaziladi va statistika sohasidagi eng yuqori rasmiy xalqaro forum hisoblanadi.

Statistika komissiyasi oʻzining 75 yildan ortiq faoliyati davomida statistikaning barcha yoʻnalishlari boʻyicha asosiy xalqaro standartlar, konseptual taʼriflar va uslubiy koʻrsatmalarni muhokama qilish va qabul qilish uchun asosiy platformaga aylandi.