Joriy yilning 15- mart kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur o'quv seminarida Statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti B. Ismatullayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 04.03.2024- yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-114-son qarori to‘g‘risida xodimlarga ma’lumotlar berib o‘tildi.
Mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, Statistika agentligining tashkiliy tuzilmasi, Statistika agentligi to‘g‘risidagi nizom va Rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, Statistika agentligining 2024-2025-yillarda erishishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) va Statistika kengashi tarkibi va uning nizomi tasdiqlanganligi haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, seminar davomida 2025-yil 1-yanvardan boshlab, statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb etilishini, bunda statistika kuzatuvchilari tomonidan birlamchi ma’lumotlarning oshkor etilmasligi kafolatlanishi, statistika kuzatuvlari pudrat shartnomasi asosida amalga oshiriladi, ish hajmi, kuzatuv uslubiyoti, kuzatish muddati rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan belgilab berilishi, 2024-yil yakuniga qadar “Statistika” integrallashgan axborot tizimi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi haqida ham tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari seminarda yuqoridagi qaror bilan Statistika agentligi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bog‘liq o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi, statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, shu jumladan, statistika kuzatuvlarini o‘tkazish, statistika ma’lumotlarini tayyorlash va ularni e’lon qilish jarayonlariga har qanday aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, Statistika agentligi tomonidan shakllantiriladigan statistika ma’lumotlari rasmiy statistika axboroti sifatida e’lon qilinishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, shuningdek, tumanlar (shaharlar) statistika bo‘limlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqilligi va bevosita Statistika agentligiga bo‘ysunishi belgilanganligi haqida xodimlarga to‘liq ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida xodimlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil ma'lumotlar berildi.