05/04/2024

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish mamlakat fuqarolariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi bunga misol qilib maktab yoshidagi bolalar soni haqidagi ma’lumotlar maktab qurish bo‘yicha rejalarni muvofiqlashtirishga yordam beradi. Hududlar kesimida qayerda va qaysi sohada yangi ish o‘rinlariga ehtiyoj mavjudligi, qanday mutaxassislar kerakligini bilish uchun ishsizlar soni va ularning malaka darajasini bilish lozim. Favqulodda vaziyatlarda FVV xodimlari, shuningdek, shifokorlar aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida zarur yordam ko‘lamini belgilaydi. Aholi soni va daromadi, uning turar-joyga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan holda, masalan, maishiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar ishlab chiqarish hajmini prognoz qilishlari mumkin, ularni import qiluvchi kompaniyalar esa xaridlarni rejalashtirishlari va zararni minimallashtirishlari mumkin. Aholini ro‘yxatga olish makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni kelgusi 10−20 yillik davrga prognoz qilish uchun ham zarur. Statistik ma’lumotlar manzilli dasturlarni ishlab chiqish, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, oilalarga moddiy ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega.