03/06/2024

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichi doirasida soʻnggi yillarda milliy statistika sohasini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, islohotlarning muhim yoʻnalishi sifatida Oʻzbekiston boʻyicha statistik maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash hamda xalqaro statistika tashkilotlari bilan statistikani shakllantirish va axborot almashinuvi boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Statistika agentligi Jahon banki tomonidan yuritiladigan muhim xalqaro statistik tadbir “Xalqaro taqqoslash dasturi  2021” raundida ilk bor rasman ishtirok etdi.

Xalqaro taqqoslash dasturi – dunyoning deyarli barcha davlatlari statistika idoralari ishtirok etadigan xalqaro statistik dastur boʻlib, uning doirasida valyutalar xarid qobiliyati pariteti, YAIM va uning tarkibiy qismlarini xalqaro darajada va mamlakatlararo taqqoslash ishlari amalga oshiriladi.

Valyutalarning xarid qobiliyati pariteti – rasmiy xalqaro hisob-kitoblarda qoʻllaniladigan asosiy statistik koʻrsatkich hisoblanadi. Paritet – bu hisob-kitoblar jarayonida mamlakatlar oʻrtasida narxlar darajasidagi farqlarni bartaraf etadigan, oʻziga xos almashish koeffitsiyenti hisoblanib, xarid qobiliyati pariteti bir vaqtning oʻzida ham deflyator, ham pul birliklarini taqqoslama valyutaga aylantirish vositasidir.

Xarid qobiliyati pariteti nufuzli xalqaro tashkilotlar – XVJ, BMT, Yevropa Ittifoqi va boshqalar tomonidan muhim rasmiy qarorlarni qabul qilish jarayonida qoʻllaniladi. Shunga koʻra, BMT qarori bilan, Xalqaro taqqoslashlar dasturi global raundi deb nomlangan yagona uslubiy va tashkiliy tizim doirasida dunyoning barcha mamlakatlari uchun tegishli maʼlumotlar toʻplanadi va hisob-kitoblar amalga oshiriladi.

Xalqaro taqqoslash dasturida qatnashish doirasida valyutalarni xarid qilish qobiliyati pariteti va makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni hisoblash uslubiy va amaliy jihatdan murakkab jarayon hisoblanib, mahsulotlar va xizmatlar narxlari, ularning ishlab chiqarilishi va foydalanilishi toʻgʻrisida katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashni talab etadi. Bunda, dasturda koʻzda tutilgan ishlarni toʻliq hajmda bajarish uchun odatda 3 yil vaqt talab etiladi va u “taqqoslashlar sikli” deb ataladi.

Shu bois, 2024-yil 31-may kuni dasturning 2021-yilgi global bosqichi natijalari Jahon bankining rasmiy veb-saytida eʼlon qilindi. Mazkur veb-saytda XTD-2021 raundi boʻyicha uslubiy maʼlumotlar bilan birgalikda, Dastur natijalari toʻgʻrisida jadval va grafik koʻrinishida tahliliy maʼlumotlar joylashtirilgan.

Mamlakatimizning Dasturda rasman ishtirok etishi natijasida barcha hisob-kitoblar Statistika agentligi tomonidan oʻtkazilgan statistik kuzatuvlar maʼlumotlari asosida amalga oshirilgan.

Dastur natijalariga koʻra, xarid qobiliyati pariteti boʻyicha 2021-yilda:

- yalpi ichki mahsulot hajmi 285 mlrd AQSH dollarni;

- aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 8 162 AQSH dollarni tashkil etdi.

Makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning xarid qobiliyati pariteti boʻyicha xalqaro uslubiyotga muvofiq baholanishi natijasida:

- mamlakat iqtisodiyotini xalqaro darajada qiyosiyligi taʼminlanadi;

- jahon hamjamiyatining respublika statistika tizimiga va iqtisodiy barqarorligiga boʻlgan ishonch va eʼtibori oshadi;

- statistik koʻrsatkichlar sifati yanada oshadi.

Hozirgi kunda Statistika agentligi tomonidan Xalqaro taqqoslash dasturining 2024-yildagi raundida Oʻzbekiston Respublikasining munosib ishtiroki yuzasidan Toshkent shahrida tanlab olingan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida barcha tovar va xizmatlar narxlarining statistik kuzatuvlari olib borilmoqda.