Joriy yilning 19- iyul kuni Namangan viloyati Statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur o'quv seminarida Statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti B. Ismatullayev tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10.07.2024- yildagi “Budjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-100-son Farmoni haqida tushuncha berildi.
Ushbu farmonga koʻra Hisob palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosini tashqi auditdan oʻtkazish va natijasi boʻyicha tegishli xulosalarni tayyorlash, 2025-yildan boshlab ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik tashkilotlar faoliyatini auditdan oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyilishi hamda ijobiy xalqaro tajribadan kelib chiqib, strategik va axborot texnologiyalari auditi turlarini joriy etilishi belgilanganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, 2024-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalariga erishish dasturlarining ijrosi har yili Hisob palatasi tomonidan baholashdan oʻtkazilishini hamda natijalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hisobot kiritilishi, bunda, birinchi navbatda, quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha strategik islohotlarning amalga oshirilishi va natijadorligi, samaradorligi hamda milliy maqsad va vazifalarga erishishdagi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflar baholab borilishi, 2025-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda “Xavflarni boshqarish” qoʻmitalari tuzilishi haqida tushunchalar berildi.
Seminar qiziqarli va savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.