Joriy yilning 30-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida 2024-yil 2-chorak yakunlari boʻyicha agentlikning kengaytirilgan Hay’at yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Statistika agentligi rahbariyati, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari, Markaziy apparat boshqarmalari boshliqlari hamda masofaviy videoaloqa orqali hududiy statistika boshqarmalari xodimlari qatnashdi.
Kun tartibiga binoan, Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich Hay’at yigʻilishini ochib berib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining hujjatlari hamda topshiriqlarida Statistika agentligi oldiga qoʻyilgan vazifalar va tizimda 2024-yil 2-chorakda amalga oshirilgan ishlar samaradorligi borasida toʻxtalib oʻtdi.
Yigʻilishda kun tartibiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida statistika idoralariga yuklatilgan vazifalarning ijrosi boʻyicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga oid shakllantirilgan statistik koʻrsatkichlar masalasi muhokama qilindi. Statistika agentligi direktori xodimlarga hududning ijtimoy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini shakllantirish va tahlil qilish jarayonida e’tibor berilishi lozim boʻlgan jihatlar boʻyicha alohida topshiriqlar berdi. Tuman va shaharlarning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini ifodalovchi jadvallarni oʻz muddatida yangilab borilishi ta’kidlandi.
Kengaytirilgan Hay’at yigʻilishi yakunida ijro intizomi va tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, vazifalarni oʻz vaqtida bajarmagan xodimlarga tegishli choralar koʻrish, ish faoliyatini namunali yoʻlga qoʻygan ishchi-xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.