Joriy yilning 2- avgust kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur o'quv seminarida Statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti B. Ismatullayev tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27.06.2024- yildagi “Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-239-son Qarori haqida boshqarma xodimlariga maʼlumot berildi.
Mazkur seminarda 2024-yil 1-sentabrdan boshlab 2027-yil 1-yanvarga qadar yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari boʻyicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan ballning minimal koʻrsatkichi bir pogʻona pasaytirilishi hamda mazkur xarajatlar Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplanishi belgilanganligi, joriy yil 1-oktabrdan boshlab Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy oʻquv markazlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi hamda rasmiy veb-saytida eʻlon qilib borishi, reyting natijalariga koʻra olis va chekka hududlarda faoliyat koʻrsatuvchi eng yuqori koʻrsatkichga ega 100 ta xususiy oʻquv markazining taʻlim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara toʻlovi xarajatlarining bir qismi Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinishi, 2024 — 2026-yillarda oliy taʻlim tashkilotlarining xorijiy til filologiyasi taʻlim yoʻnalishi boʻyicha 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida S1 darajadagi sertifikatga ega talabalariga umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʻlim tashkilotlarida oʻqituvchi sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat etilishini ham seminar ishtirokchilarga taʼkidlandi.
Shuningdek, qaror bilan 2024-yil yakuniga qadar ingliz, nemis, fransuz, ispan, koreys, xitoy va yapon tillarini B2 darajasida biladigan yoshlar sonini 100 ming nafarga yetkazish vazifasiga qoʻyilganligi xususida xodimlarga toʻliq maʻlumotlar berildi.
Seminar qiziqarli va savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.