Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
— Ko‘pchilik insonlar aholini ro‘yxatga olish amaliyotini statistik ma’lumotlar to‘plash tadbirlarining bir ko‘rinishi, deb tushunadi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining ma’lum bir vaqtdagi fotosuratini ko‘rish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi. Mazkur davlat darajasidagi keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadigan tadbirni o‘tkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi.
Birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi. Bunda ro‘yxatga olish ishlari besh xil shakldagi so‘rovnomalar — turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati, shaxsga oid savolnoma, O’zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida o‘tkaziladi.
So‘rovnomalar asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, ta’lim darajasi, uy xo‘jaligi a’zolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat bo‘ladi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish ularning o‘zlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi ro‘yxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.
Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.
—Ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yig‘ma ro‘yxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar, shu jumladan, erkaklar va ayollar bo‘yicha aholi soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar yakuniy ma’lumotlar respublika hamda hududlar bo‘yicha shakllantirilib, rasman e’lon qilinadi.
Mazkur vazifalarning bari tizimli tarzda amalga oshirilgani holda, ro‘yxatga olish orqali respublika aholisi va uning farovonligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar to‘planadi. Ular aholi soni, tarkibi va taqsimlanishi bo‘yicha to‘liq bazani shakllantirish bilan birga, Milliy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, ularda foydalaniladigan demografik o‘zgarishlar tendensiyalari, mehnat resurslari joylashuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda qo‘l keladi.
08/10/2024