Joriy yilning 8- noyabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur o'quv seminarida Statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti Bohodir Ismatullayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2024- yil 5-noyabrdagi “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida” O‘RQ-989-son Qonuni mazmun-mohiyati haqida boshqarma xodimlariga maʼlumot berdi.
Shuningdek, ushbu Qonun bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatish tartibi ham belgilangan bo‘lib, unga binoan psixologik yordam davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi psixologlar yoxud ushbu sohada xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan bepul yoki pullik asosda ko‘rsatilishi, pullik asosdagi psixologik yordam yozma shakldagi shartnomaga asosan ko‘rsatilishi, voyaga yetmagan shaxsga psixologik yordam ko‘rsatishda shartnoma uning qonuniy vakili bilan tuzilishi, psixologik yordam shaxs tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmasdan aytilgan familiya, ism, yosh va yashash joyi ko‘rsatiladigan shaxsiy kartani rasmiylashtirish yo‘li bilan anonim tarzda ko‘rsatilishi mumkinligi, voyaga yetmagan shaxsga psixologik yordam uning qonuniy vakilining roziligi bilan ko‘rsatilishi, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga uning qonuniy vakillarining roziligisiz psixologik yordam ko‘rsatishga unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish hollari aniqlanganda, shuningdek favqulodda holatda, favqulodda vaziyatda yoki baxtsiz hodisalarda yo‘l qo‘yilishini tushuntirib o‘tildi.

Seminar davomida qonun bilan belgilangan bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, favqulodda holatdan va favqulodda vaziyatlardan jabrlangan shaxslarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek favqulodda holat va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarga, terrorchilik harakati natijasida jabrlangan shaxslarga, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi shaxslarga, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga, odam savdosidan jabrlangan shaxslarga bepul psixologik yordam kafolatlanishi haqida boshqarma bosh yuriskonsulti tomonidan ma’lumotlar berildi. Qonunga ko‘ra, psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egaligi, psixologiyadan boshqa ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjatni olganidan keyin davlat organlarida, shu jumladan ta’lim tashkilotlarida tegishli psixologik yordam turlarini belgilangan tartibda ko‘rsatishga haqliligi, xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanishga O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan psixologlarning jamoat birlashmasi tomonidan malaka sertifikati berilgan psixologlarga ruxsat etilishi, psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘z xizmatlarini reklama qilishda yoki firma nomida “psixolog” degan so‘zdan, shuningdek unga o‘xshash bo‘lgan boshqa so‘zlardan foydalanish taqiqlanishi belgilanganligini ham seminar davomida tushuntirildi.



