Joriy yilning 28- noyabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi rahbariyati Namangan muhandislik-texnologiya institutining o'quv ishlari bo'yicha prorektori Kamoliddin Matkarimov boshchiligidagi vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, talabalar nazariy bilimlarini amaliyot orqali mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv doirasida 2025-yilning boshidan boshlab Namangan viloyati Statistika boshqarmasi negizida NamMTI “Iqtisodiyot” kafedrasining filiali faoliyat boshlashi belgilandi. Ushbu filialda iqtisod yo'nalishi bo'yicha tahsil olayotgan talabalar mutaxassislik fanlarini bevosita amaliyotga yo'naltirilgan holda o'rganish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Bu hamkorlik nafaqat talabalarning kasbiy ko'nikmalarini rivojlantirishga, balki Namangan viloyati iqtisodiyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ham xizmat qiladi.
Statistika boshqarmasi va NamMTI o'rtasidagi mazkur tashabbus kelajakda yirik loyiha va dasturlarni amalga oshirishda ham muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.