Joriy yilning 20- dekabr kuni Is'hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida statistika boshqarmasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari, Namangan davlat chet tillari instituti professor-o‘qituvchilari va fakultet talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirda Namangan viloyat statistika boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari R. Jiyanov tomonidan Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari, aholini ro‘yxatga olishning maqsadi, ro‘yxatga olishning nima uchun zarurligi haqida tushunchalar berildi.
Shuningdek, Statistika boshqarmasining Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish bo'limi mustaxassisi K. Abdullajanov Aholini roʻyxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos va sifatli oʻtkazishda aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish, xonadonlarning raqamlanish holati o'rganish aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlikning eng asosiy bosqichlaridan biri ekanligini takidladi. Bu vazifaning toʻliq va sifatli bajarilishi, oʻz navbatida, roʻyxatga olish ishlarining samarali boʻlishiga zamin yaratadi.
O'z o'rnida shuni ham takidlash lozimki, mazkur tadbir natijasida aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, maʼlumoti, kasbi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, yashash sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari to‘g‘risida to‘liq va aniq maʼlumotlarga ega bo‘lamiz.
Yig‘ilgan bu maʼlumotlar respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarini manzilli ishlab chiqishda muhim axborot bazasi bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, aholini ro‘yxatga olish natijalari milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rnini yuksaltirish, xorijiy investorlarni mamlakatimizga kengroq jalb qilish, investitsion muhitni yanada yaxshilash va turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Talabalarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.