Aholini roʻyxatga olish belgilangan aniq paytda (aholini roʻyxatga olish sanasi) oʻtkaziladi. Respondentlarning shaxsga doir maʼlumotlarini yigʻishda roʻyxatga olish sanasidan keyin sodir boʻlgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. Bunda vafot etgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila aʼzolari yoki fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.
Aholini roʻyxatga olish jarayonlarida shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan (Internet jahon axborot tarmogʻi orqali va planshet qurilmalari yordamida) hamda axborot xavfsizligi talablarini taʼminlagan holda amalga oshiriladi;
respondentlar yashaydigan (vaqtincha boʻlib turgan) turar joy va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda uyma-uy yurib soʻrov oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Roʻyxatga olish varagʻi shakllari roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan planshet qurilmalari yordamida respondentlarning soʻzlari asosida toʻldiriladi;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish davrida yashash (turgan) joyida hozir boʻlmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar (respondentlar) toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar mazkur uy xoʻjaligining voyaga yetgan aʼzolari tomonidan maʼlum qilinadi. Oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan maʼlum qilinadi.
Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish bo'limi