23/04/2025

2025-yilning 23-aprel kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mamadaliyev Odiljon Toirovich ishtirokida seminar tashkil etildi. Tadbirda boshqarma rahbariyati hamda xodimlari ishtirok etdi.

Seminar davomida deputat O. Mamadaliyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, beshinchi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyati, shu jumladan, qabul qilingan yangi qonunlar va qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartishlar, mavjud normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha batafsil tushuntirish berdi.

Shuningdek, xalq bilan bevosita uchrashuvlar orqali ularning muammolarini o‘rganish va shu asosda qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqilayotgani, qonun ijodkorligi jarayonlarida joylardagi fikr va mulohazalarga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, uning asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, 2025-yilgi “Davlat dasturi” va istiqboldagi ustuvor rejalar yuzasidan ham atroflicha ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan energetika sohasini rivojlantirish, “yashil energiya” bo‘yicha startap loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘tkazilgan muhim yig‘ilishlar, ularning mazmun-mohiyati, belgilangan vazifalar ham muhokama markazida bo‘ldi.

Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar, shuningdek, bugungi global iqtisodiy tebranishlar sharoitida iqtisodiy xavf-xatarlarga tayyor turish borasida amalga oshirilayotgan choralar haqida ham so‘z yuritildi.

Shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqlarning 150 yillik assambleyasi, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sammiti, Samarqand ekologiya forumi kabi xalqaro tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi.

Seminar davomida boshqarma boshlig‘i S. Melixujayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar haqida ma’lumot berilib, tizimda amalga oshirilayotgan ustuvor islohotlar haqida fikr bildirildi.

Tadbir so‘nggida boshqarma xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, deputatdan batafsil javoblar olishdi. Shuningdek, mavjud muammolar bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirildi.