24/04/2025

2025-yil 24-aprel kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi binosida Namangan davlat texnika universiteti talabalari uchun "Rasmiy statistika ma'lumotlarini shakllantirish hamda O‘zbekiston Respublikasida Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish" mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari R. Jiyanov, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish bo‘limi mutaxassislari, universitetning professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda R. Jiyanov mamlakatimizda statistik tizimda olib borilayotgan islohotlar, axborotlarning haqqoniyligi va shaffofligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar, shuningdek, foydalanuvchilar bilan samarali axborot almashinuvi borasida keng tushunchalar berdi.

Shuningdek, 2025-yilning yanvar–mart oylarida Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy holati, statistik ko‘rsatkichlarning shakllanishida kichik biznes subyektlari va statistik tanlanma kuzatuvlarining o‘rni haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Muloqot davomida Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i N. Najmiddinov tomonidan Aholini ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyati, asosiy maqsadlari va undagi ishtirokning muhimligi haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Xususan, 

  • Aholini ro‘yxatga olish nima uchun zarur?

  • Xorijiy mamlakatlar bu borada qanday tajribaga ega?

  • O‘zbekiston qanday tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda?

  • Kelgusida qanday vazifalar kutmoqda?

kabi dolzarb savollarga batafsil ma’lumotlar berdi.

Shu bilan birga, ro‘yxatga olish natijalarining Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, xalqaro reytinglardagi o‘rinlarni mustahkamlash, xorijiy investorlar uchun ishonchli muhit yaratish va turizm salohiyatini rivojlantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berdi.