Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897-yilda Turkiston general-gubernatorligi tomonidan o‘tkazilgan. Bu boradagi ma’lumotlar XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar va aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 yillar va oxirgi marta 1989-yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.
Endilikda O‘zbektstonda ham 10 yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Qonunga ko‘ra ro‘yxatga olish butun O‘zbekiston yoki muayyan hududlar bo‘yicha o‘tkazilib, demografik sana va aholining ijtimoiy-iqtisodiy xarakteristikasini aniqlashga qaratilgan shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish va ularni qayta ishlash tartiblarini belgilaydi. Ushbu muhim hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.




