20/08/2025

2025-yilning 20-avgust kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi tomonidan Uychi va Chortoq tumanlarida bozor xizmatlari ko‘rsatish sohasiga oid 4-xizmat (jismoniy shaxslar) tanlanma kuzatuvlari o‘tkazildi.

Mazkur kuzatuvda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari B. Xoliqov hamda Xizmatlar va savdo sohasi statistikasi bo‘limi boshlig‘i J. Abdullayev ishtirok etdi. Ular tomonidan tumandagi bozor xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar faoliyatini o‘rganish maqsadida monitoring ishlari olib borildi.

Kuzatuv jarayonida xizmat ko‘rsatuvchi subyektlar tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlar maxsus planshet qurilmalari orqali, registratorlar tomonidan real vaqt rejimida, xatoliklarsiz va shaffof tarzda elektron tizimga kiritilmoqda.

Ushbu tanlanma asosida shakllantirilgan ma’lumotlar xizmatlar sohasi bo‘yicha respublika darajasida muhim statistik tahlillarni amalga oshirishda asosiy birlamchi manba bo‘lib xizmat qiladi.

Tanlanma kuzatuvlar barcha tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Ushbu jarayon aholiga ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlarining real holatini aniqlash va ushbu yo‘nalishdagi statistik ko‘rsatkichlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.