2025-yil 18-iyul kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-iyuldagi “Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-223-son Qarori yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.

Seminarda mazkur qaror asosida Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi hamkorligida Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari bo‘yicha ekspertlardan iborat Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etilishi belgilanganligi ta’kidlandi.
Ushbu kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat ekani ishtirokchilarga tushuntirildi:
-
Tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari o‘rtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqish va xulosalar berish;
-
Soliq qonunchiligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ularning qo‘llanishini o‘rganish;
-
Huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
-
Davlat organlari, biznes hamjamiyati va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Shuningdek, kengash doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ sifatida ishlashi, uning majlislari oyiga kamida ikki marotaba o‘tkazilishi va Savdo-sanoat palatasi mazkur kengashning ishchi organi sifatida faoliyat yuritishi belgilanganligi haqida ham axborot berildi.

Seminarda ishtirokchilarga kengashning quyidagi vakolat va huquqlari haqida ham ma’lumot berildi:
-
Soliq organlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
-
Ko‘rib chiqilgan murojaatlar yuzasidan xulosa qabul qilish;
-
Ushbu xulosalarni soliq, bojxona va boshqa tegishli davlat organlariga majburiy ko‘rib chiqish uchun yuborish;
-
Tadbirkorlik subyektini ko‘rib chiqilgan murojaat bo‘yicha xabardor qilish;
-
Soliq, bojxona, iqtisodiyot, moliya va huquq sohalarida yetarli bilim va malakaga ega mutaxassislarni ekspert kengashiga jalb qilish;
-
Zarur hujjatlar va ma’lumotlarni davlat organlari hamda boshqa tashkilotlardan bepul so‘rab olish.
Seminar davomida xodimlar ushbu qarorning amaliy ahamiyati, tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni, shuningdek, soliq sohasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda ushbu mexanizmning dolzarbligi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.



