01/08/2025

2025-yil 1-avgust kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi “Huquqiy bilimlar” o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-117-son Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan keng qamrovli tushunchalar berildi.

Seminar davomida, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab:

  • Hisob palatasi, Adliya vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini o‘rganib borish bo‘yicha ishchi guruhlarni tashkil etishga ruxsat berilishi;

  • Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalar alohida tuzilma sifatida bevosita birinchi rahbarga bo‘ysundirilishi;

  • Har hafta juma kuni kelgusi haftada, har oyning 25-sanasiga qadar esa kelgusi oyda bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar haqida rahbarni xabardor qilish, ijro intizomida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishda xodimlarga amaliy yordam ko‘rsatish;

  • Xodimlar uchun tizimli o‘quv seminarlar va mashg‘ulotlarni tashkil etish, shuningdek, ijro intizomiga mas’ul xodimlarga funktsional majburiyatiga kirmaydigan vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, 2025-yil 1-oktabrdan boshlab:

  • Davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, Adliya vazirligining rasmiy veb-saytlariga ijro intizomi to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirib borilishi, ushbu ma’lumotlar har oyda yangilanib borilishi;

  • Har chorakda davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari tomonidan qonunlar, Prezident va Hukumat hujjatlari ijrosi holati bo‘yicha keng jamoatchilikka hisobot berish tartibi joriy qilinishi;

  • Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosini nazorat qilish va hisobdorlikni ta’minlash “ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali amalga oshirilishi ta’kidlandi.

 

Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali:

  • Tizimga kiritilayotgan topshiriqlarning takroriyligini aniqlash;

  • Ijro muddati yaqinlashayotgan topshiriqlar yuzasidan birinchi rahbarlarga avtomatik xabarnomalar yuborish;

  • Topsiriqlarga oid kiritilayotgan ma’lumotlarning haqqoniyligi va asosliligini tekshirish imkonini yaratish maqsadida “ijro.gov.uz” tizimining davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilinishi ko‘zda tutilgani xodimlarga tushuntirildi.

📌 Ushbu o‘quv mashg‘uloti boshqarma xodimlariga davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, intizomni kuchaytirish va raqamli nazorat mexanizmlarining ahamiyatini chuqur anglash imkonini berdi.