2025-yil 9-sentabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasida Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan hududiy statistika organlari xodimlari uchun sayyor o‘quv seminari o‘tkazildi.

Mazkur seminarda Milliy statistika qo‘mitasi Statistika ishlari monitoringi bo‘limi boshlig‘i A‘zamov Azim Odilovich, Toshkent shahar statistika boshqarmasi boshlig‘i Mirsoatov Lazizjon To‘ychiboy o‘g‘li, shuningdek, viloyat statistika boshqarmasi rahbariyati, tarmoq bo‘limlari mas’ul xodimlari va viloyatdagi shahar hamda tuman statistika bo‘limlari rahbarlari (masofaviy tarzda) ishtirok etdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PQ-75-sonli qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektlariga “Biznes uchun statistika” konsalting xizmatini joriy etish va uni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilarga mazkur xizmatning konsepsiyasi, ko‘rsatish tartibi, xizmatlar doirasi, shuningdek, statistika hisobotlari va ma’lumotlar bilan ishlashda tadbirkorlik subyektlariga qanday axborot-tahliliy va maslahat yordami ko‘rsatilishi batafsil tushuntirildi.
Seminar davomida, ayniqsa, “Biznes uchun statistika” xizmati orqali tadbirkorlar uchun qulay, tushunarli va sifatli statistik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, hududiy statistika organlari faoliyatini ushbu yo‘nalishda takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek, 2025-yilning ikkinchi yarmida konsalting xizmatini amaliyotga to‘liq joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, xizmatning ahamiyatini yuqori baholadilar hamda uni tadbirkorlar bilan ishlashda samarali vosita sifatida qo‘llash bo‘yicha takliflarini bildirdilar.


Seminar davomida berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.



