O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF–173-sonli “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 6-noyabr kuni AsakaBank Boshqaruv raisi K.A. To‘laganov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyatining Chust tumaniga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida tuman shtabi faoliyati, ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ishlari hamda mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik darajasi o‘rganildi. Shu bilan birga, hududlarda tashkil etilgan shtablar ish uslubi, moddiy-texnik bazaning tayyorligi va soha mutasaddilari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot choralari ko‘zdan kechirildi.

K.A. To‘laganov shuningdek, Chust tumanining olis mahallalarida ham bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari, ro‘yxatga oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va aholining jarayonga bo‘lgan munosabati bilan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida ro‘yxatga olish tadbirining mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga to‘liq yetkazish, barcha qatlam vakillarining faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga qo‘shimcha tavsiyalar berildi. Tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun tegishli idora va tashkilotlarga amaliy ko‘rsatmalar hamda tushuntirishlar berildi.

Mazkur tashrif doirasidagi o‘rganishlar natijasida Chust tumanida ro‘yxatga olish tadbirlariga izchil tayyorgarlik ko‘rilayotgani, jarayonni tashkil etishda davlat organlari, mahalla tizimi va tijorat banklari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.



