15/12/2025

2025 yil 12 dekabr kuni Kosonsoy tumanida viloyat statistika boshqarmasi hamda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–173-sonli farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va qishloq xo‘jaligi korxonalari vakillari uchun “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlari” yuzasidan amaliy tushuntirish tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirni Kosonsoy tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘olibjon Shodibekov ochib berdi.

Tadbirning asosiy maqsadi — qishloq xo‘jaligi subyektlariga ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, amalga oshiriladigan bosqichlar hamda onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibini batafsil tushuntirish, shuningdek ularning mazkur jarayonda faol ishtirok etishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida mutaxassislar ro‘yxatga olishning asosiy qoidalari, fermer va korxonalar tomonidan kiritilishi zarur bo‘lgan maʼlumotlar, elektron platformadan foydalanish tartibi, shuningdek amaliyotda uchrashi mumkin bo‘lgan holatlar bo‘yicha batafsil maʼlumot berdilar.

Shuningdek, ishtirokchilarga tizimdan foydalanish ketma-ketligi, xo‘jalik maʼlumotlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, elektron tasdiqlash jarayonlari hamda xatolarning oldini olish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar taqdim etildi.

Tadbir yakunida fermerlar va korxona vakillarining savollariga javob berilib, ularga ro‘yxatga olish jarayonlarida yordam beruvchi uslubiy ko‘rsatmalar taqdim qilindi.