12/12/2025

2025-yil 12-dekabr kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Huquqiy bilimlar” mavzusida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mashg‘ulot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF–243-son Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta tuman (shahar)dagi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etilishi, shuningdek, tuman (shahar) hokimlari, ularning o‘rinbosarlari hamda ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy bo‘linma rahbarlari har besh yilda boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinishi belgilandi. Rotatsiya qilinadigan rahbarlar Agentlikning hrm.gov.uz elektron platformasi orqali aniqlanishi va mazkur ko‘rsatmalar davlat organlari uchun majburiy ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari hamda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan lavozimlarda faoliyat yurituvchi xodimlar va nomzodlar bosqichma-bosqich diagnostikadan o‘tkazilishi belgilanishi haqida ma’lumot berildi.

Farmonning muhim jihatlaridan biri sifatida 2026-yil 1-martdan boshlab davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh ish o‘rinlari vacancy.gov.uz elektron platformasida e’lon qilinishi, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platforma orqali bo‘sh lavozimlarga da’vogarlik qilishi hamda test natijalari bir yil davomida amal qilishi qayd etildi.

O‘tkazilgan seminar savol-javoblarga boy va qiziqarli tarzda o‘tdi.