05/01/2026

Joriy yilning 5-yanvar kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zuxriddin Baxriddinov ishtirok etib, ro‘yxatga olish bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati, mavjud infratuzilma, texnik va tashkiliy sharoitlar hamda amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishdi.

Yig‘ilish davomida ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik darajasi, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlik, axborot almashinuvi va jarayonning muvofiqlashtirilgan holda olib borilishi atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, Zuxriddin Baxriddinov tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada rivojlantirish, aholining xabardorligini oshirish, ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Joriy yilning 15–31-yanvar kunlari viloyat hududidagi barcha tashkilot va idoralarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari to‘liq va sifatli amalga oshirilishi lozimligi takidlandi. Ushbu jarayonda faol ishtirok etib, namunali tarzda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan tashkilot va muassasa hamda fuqarolarni qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirish belgilab olindi. Bu esa ro‘yxatga olish tadbiriga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida joylarda olib borilayotgan tashkiliy ishlarning samaradorligini yanada oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ro‘yxatga olish jarayonini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.