15/01/2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida respublika bo‘yicha belgilangan tartib asosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik hamda ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari faol bosqichga kirdi.

Farmonga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari 2026-yil 15–31-yanvar kunlari oralig‘ida o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning census.stat.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlashi lozim. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublikadagi barcha maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari, davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallarida tahsil olayotgan talabalarning ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi uchun mas’ul etib belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat pedagogika institutida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish doirasidagi ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari tashkiliy jihatdan to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Institutda mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun ishchi shtab tashkil etilgan bo‘lib, barcha ishlar belgilangan reja asosida izchil amalga oshirilmoqda.

Ro‘yxatdan o‘tish ishlari institutning tarkibiy bo‘linmalari kesimida bosqichma-bosqich olib borilmoqda va mazkur masala institut rahbariyati tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Shuningdek, ilgari o‘tkazilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida xodimlar hamda talabalar tomonidan census.stat.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari amaliy bosqichda faol davom etmoqda.