30/01/2026

Hududlar infratuzilmasini yaxshilash, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, poliklinikalar hamda boshqa muhim xizmat ko‘rsatish obyektlariga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlashda yurtimizning har bir aholi punktida nechta fuqaro istiqomat qilayotgani haqidagi aniq ma’lumotlar alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda to‘plangan ma’lumotlar Yangi O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasini belgilashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bois mazkur jarayonga shunchaki statistik tadbir sifatida qarab bo‘lmaydi. Har bir ma’lumot aniq va ishonchli bo‘lishi, O‘zbekistonning biror-bir fuqarosi ro‘yxatdan chetda qolib ketmasligi lozim. Shahrimizda ham bu borada zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov ro‘yxatga olish jarayoni doirasida "Yangi yo'l", “Ravnaq‘” va “Uchqun” mahallalarida tashkil etilgan ishlar bilan tanishdi.

Tegishli mas’ullarga mazkur mahallalarga volontyorlarni jalb etish hamda fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini jadallashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi census.stat.uz platformasi orqali 15-yanvardan 31-yanvarga qadar davom etadi. Yurt kelajagiga befarq bo‘lmang — siz ham hoziroq ro‘yxatdan o‘ting!