Mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichi — an’anaviy, ya’ni xonadonma-xonadon yurib ma’lumot to‘plash jarayonlari joriy yilning 4–28-fevral kunlari davom etmoqda.

Mazkur bosqich doirasida hududlarda ro‘yxatdan o‘tmagan yoki onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ma’lumotlarni xato va kamchiliklar bilan to‘ldirgan fuqarolar qamrab olinmoqda. Xususan, Chust tumanida ham ro‘yxatga olish ishlari izchil olib borilmoqda.

Mahalla yettiligi tizimi xodimlari tomonidan xonadonma-xonadon yurilib, fuqarolardan olinayotgan ma’lumotlar maxsus planshet qurilmalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron tizimga kiritilmoqda. Bu esa ma’lumotlarning aniqligi, tezkorligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.






