Joriy yilning 11-fevral kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichi ijrosiga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zuxriddin Baxriddinov hamda viloyat shtabi a’zolari, shuningdek, hududlardagi ro‘yxatga olish jarayoniga mas’ullar masofaviy tarzda qatnashdi.

Yig‘ilishda ro‘yxatga olish jarayonining borishi, amalga oshirilayotgan ishlar hamda erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, joriy yilning 4–28-fevral kunlari davom etayotgan ikkinchi bosqich doirasida hududlarda ro‘yxatdan o‘tmagan yoki onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ma’lumotlarni xato va kamchiliklar bilan to‘ldirgan fuqarolarni to‘liq qamrab olish ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor hali ro‘yxatdan o‘tmagan xonadonlarni to‘liq qamrab olish, uyma-uy yurish ishlarini yanada jadallashtirish hamda har bir fuqaroning mazkur muhim jarayonda faol ishtirokini ta’minlash masalalariga qaratildi. Mutasaddilarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.








