27/04/2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining statistika tizimini takomillashtirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan qarorlari hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida hududlarda “Statistika asoslari” bo‘yicha sayyor o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur tashabbus doirasida viloyat hokimining tegishli farmoyishi qabul qilinib, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga oid statistik ma’lumotlar sifatini oshirish, shuningdek, mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsad qilib belgilandi.

Rejaga muvofiq, 27–29 aprel kunlari mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda turli iqtisodiyot tarmoqlari xodimlari uchun sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Ushbu mashg‘ulotlarning ilk kuni 27-aprel sanasida Namangan davlat pedagogika institutida boshlandi.

O‘quv jarayonida Milliy statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari tomonidan statistikaning asosiy tushunchalari, usul va metodlari, rasmiy statistika tizimi faoliyati, shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish va e’lon qilish tartibi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilishda mutlaq, nisbiy va o‘rtacha ko‘rsatkichlardan foydalanishning muhim jihatlari amaliy misollar asosida tushuntirildi.

Ushbu sayyor o‘quv mashg‘ulotlari hududlarda statistik savodxonlikni oshirish, ma’lumotlar sifati va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.