08/05/2026

2026-yil 8-may kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasida tizim xodimlari ishtirokida “Milliy statistika tizimida foydalaniladigan konfidensial ma’lumotlar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Mazkur seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad — statistika organlarida foydalaniladigan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash, ularni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish hamda xodimlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida ishtirokchilarga konfidensial ma’lumotlarning mazmun-mohiyati, ularni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash jarayonlarida amal qilinishi lozim bo‘lgan talablar, axborot xavfsizligini ta’minlashning muhim jihatlari hamda amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan normalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, xizmat faoliyati davomida uchrashi mumkin bo‘lgan axborot xavfsizligi bilan bog‘liq xavf va tahdidlarning oldini olish, elektron ma’lumotlar bazalari bilan ishlashda ehtiyot choralariga rioya etish hamda xizmat ma’lumotlaridan foydalanishda mas’uliyatni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar yakunida xodimlarning mavzu yuzasidan fikr-mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.