Namangan viloyatida turizm sohasiga oid statistik ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini oshirish maqsadida hududga kirish va chiqishga oid turizm bo‘yicha tanlanma kuzatuvlarni tashkil etish yuzasidan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi eksport-importida turizm xizmatlari hajmini to‘liq hisobga olish, turizm statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda turizm yordamchi hisobini yuritish uchun zarur ma’lumotlarni yig‘ish tizimini takomillashtirish maqsadida Namangan viloyati statistika boshqarmasi va Turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Joriy yilning 25-may kuni viloyat statistika boshqarmasida o‘tkazilgan seminar davomida supervayzerlar hamda ishchi guruh a’zolariga tanlanma kuzatuvlarni samarali tashkil etish, ma’lumotlarni sifatli yig‘ish va kuzatuv jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarning oldini olish yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, seminar ishtirokchilariga kuzatuv jarayonida respondentlar bilan muloqot madaniyati, ma’lumotlarning haqqoniyligini ta’minlash hamda statistik kuzatuvlarning amaldagi metodologiyasi asosida ish olib borish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Bunday o‘quv seminarlarining tashkil etilishi turizm statistikasi ma’lumotlarining sifatini oshirish, sohada tahliliy ma’lumotlar bazasini kengaytirish hamda hududning turizm salohiyatini yanada chuqur o‘rganishga xizmat qiladi.





