2026-yil 26-may kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi hamda Namangan davlat texnika universiteti hamkorligida “Demografiya va mehnat bozori: statistik tahlil va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.


Mazkur tadbir demografik jarayonlar va mehnat bozoridagi zamonaviy tendensiyalarni statistik tahlil qilish, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy yondashuvlarni muhokama etish hamda yosh mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘tkazildi.

Davra suhbatida Namangan viloyati statistika boshqarmasi rahbariyati va mutaxassislari, Namangan davlat texnika universitetining professor-o‘qituvchilari hamda bitiruvchi talabalari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida demografik ko‘rsatkichlarning shakllanishi, aholi soni va tarkibidagi o‘zgarishlar, mehnat resurslari, bandlik darajasi hamda mehnat bozorida yuz berayotgan zamonaviy jarayonlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, statistik ma’lumotlarni tahlil qilishning innovatsion usullari, raqamlashtirish jarayonlari va statistik axborotlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan mavzu doirasida fikr-mulohazalar bildirilib, savol-javoblar tashkil etildi. Tadbir yakunida statistika organlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy-amaliy tadbirlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Davra suhbati talaba-yoshlarning statistika sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning kasbiy bilimlarini boyitish hamda amaliy tajribalarini mustahkamlashga xizmat qildi.



